Yangi yilning ilk kunida – 1-yanvar kuni Amerikada Internet paydo bo‘lganligining 30 yilligi nishonlandi.

Internet-http-small

Internet global tarmog‘ining asoschilaridan biri sanalgan Vint Serfning aytishicha, bundan 30 yil avval, ya’ni 1983-yilning 1-yanvaridan boshlab ARPANET (Pentagonning istiqbolli tadqiqot dasturlarini boshqarish tarmog‘i) tarmog‘iga kiruvchi barcha kompyuterlar TCP/IP (Transmission Control Protocol/Internet Protocol – “Ma’lumotlarni uzatishni boshqarish protokoli” va “Tarmoqlararo protokol”) protokollariga ko‘chirilgan.

Asta-sekinlik bilan bu tarmoq Amerikdan tashqariga ham chiqib, xalqaro standart sifatida qabul qilinib, global Internet tarmog‘iga aylangan. Shunday qilib, 1-yanvar Internet paydo bo‘lgan kun sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Bugungi kunda, Vint Serfning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 7 milliard aholidan jami 3 milliard kishida Internetga ulanish imkoniyati mavjud.

Xo‘sh, siz necha yildan beri Internetdan foydalanib kelasiz? Quyida o‘z fikr va mulohazalaringizni bildirishingiz mumkin.