Ertaga 8-yanvardan AQSHning Las-Vegas shahrida texnologiya olamidagi yilning eng yirik ko‘rgazmasi – “Consumer Electronics Show 2013” boshlanadi.

CES-2013-logo

Biz esa sizlarning e’tiboringizga ushbu ko‘rgazmada namoyish qilinishi kutilayotgan yangi texnologiyalar haqida qisqacha xabar berib o‘tmoqchimiz.

1. Samsung Galaxy S4

Samsung-Galaxy-S4-concept

Samsung Galaxy S4 konsepti. Foto: Rozetked

Bu haqda turli nashrlarda judayam ko‘p gapirildi. Katta ehtimollik bilan, Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi CES 2013 ko‘rgazmasida o‘zining navbatdagi bayroqdor smartfoni – Galaxy S4’ni namoyish qiladi.

2. Egiluvchan displeylar

Samsung-flexible-display

Samsung’ning egiluvchan displeylari. Foto: CVG

Egiluvchan ekranlar – bu, uzoq yillardan beri kutilayotgan, lekin haliyam yakunlanmagan texnologiyadir. Bunaqa ekranlarning ilk namunalari 2011-yildayoq ommaga namoyish qilingandi, lekin bu safar haqiqy egiluvchan displeylarni ko‘rishimiz mumkin.

Bir narsani aniq aytishimiz mumkinki, egiluvchan ekranlar shu yili chiqsayam, lekin to‘laqonli egiluvchan smartfon yoki planshetlarni hali-beri ko‘rmaymiz. Chunki, bu texnologiya ustida hali yana ozroq ishlash kerak.

3. NFC chipli televizorlar

LG-NFC-TV

LG televizorlari. Foto: LG

NFC – bu, tushunarli tilda aytganda, Bluetooth’ning zamonaviy ko‘rinishi. Odatda, NFC chiplarini smartfon yoki planshet kompyuterlarga o‘rnatib chiqarishardi. Tinib-tinchimas koreyslar uni televizorga ham o‘rnatishgan ko‘rinadi.

Xo‘sh, bu NFC-televizor menga nima keragi bor deysizmi? Albatta kerak, agarda sizda NFC chipli smartfon bo‘lsa (Nexus S, Galaxy Nexus, LG Nexus 4, Galaxy S2, Galaxy S3 va boshqalar), u holda telefondagi videoni hech qanday sim ulamay televizor orqali tomosha qilishingiz mumkin.

4. Nvidia Tegra 4

Nvidia-Tegra-4

Bugungi kundagi 4 yadroli planshetlarning ko‘pchiligida Nvidia Tegra 3 mobil protsessori o‘rnatilganligini bilsangiz kerak. Bu yilgi CES 2013 ko‘rgazmasida ushbu chiplarning navbatdagi avlodi – Nvidia Tegra 4 chiqishi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, yangi chiplar avvalgisiga qaraganda 6 marta, Nvidia Tegra 2 chipiga qaraganda esa 20 marta tezroq ishlaydi.

Yangi Nvidia Tegra 4 chiplari 2560 x 1600 pikselgacha bo‘lgan Ultra HD-videolarni ko‘rsata oladi, USB 3.0 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, u avvalgilariga qaraganda kamroq energiya sarf qiladi.

5. Ultra HD TV

LG-Ultra-HD-3D-TV

LG Ultra HDTV 3D-televizori. Foto: Lpost

Bu yilgi ko‘rgazmada bir nechta kompaniya o‘zining judayam yuqori tiniqlikka ega, yoxud texnologik til bilan aytganda Ultra HD-televizorlarini ommaga taqdim qilishi kutilmoqda.

Ultra HD-ekran haqida ikki og‘iz so‘z: Ultra HD – bu, eng kamida 8 millionta pikselga ega hamda ajrata olish ko‘rsatkichi 3840 x 2160 va undan yuqori bo‘lgan ekrandir.

Mishmishlarga ko‘ra, ko‘rgazmada Samsung va Westinghouse kompaniyalari o‘zining 110-duymlik ulkan televizorlarini ham anons qilishi mumkin.

Xullas, bular hozircha kutilayotgan yangiliklar. Ertadan boshlab bizni kuzating, biz esa sizlarga CES 2013 ko‘rgazmasidagi eng so‘nggi yangiliklarni o‘zbek tilida yetkazib berib turamiz.