Apple kompaniyasi dushanba kuni o‘zining App Store internet-do‘koniga oid yana bir rekord natijani qayd etdi. iOS-qurilmalar (iPhone, iPod touch, iPad) uchun mobil dasturlar sotiladigan va bepul tarqatiladigan ushbu do‘kon ishga tushganidan beri undagi dasturlarni ko‘chirib olishlar soni 40 milliarddan oshdi.

Apple-App-Store-screenshot

App Store internet-do‘konidan olingan skrinshot

Hozirda App Store internet-do‘konida iPhone, iPad va iPod touch qurilmalari uchun jami 775 mingdan ortiq mobil dastur mavjud bo‘lib, ularni dunyoning 155 mamlakatidan turib, jumladan O‘zbekistondan ham ko‘chirib olish mumkin. Ushbu dasturlardan 300 mingdan ortig‘i faqatgina iPad planshetlari uchun chiqarilgan.

App Store’dan eng ko‘p ko‘chirilgan dastur – bu, Temple Run mobil dasturidir, u 75 million marta ko‘chirib olingan. Undan tashqari, DragonVale va Clash of Clans (egasiga 100 million dollar daromad keltirgan), Uber, Flipboard, Hotel Tonight va Airbnb kabi dasturlar ham ancha muvaffaqiyatli sanaladi.