Bugun 8-yanvar kuni AQSHning Las-vegas shahrida axborot texnologiyalari olamidagi yilning eng yirik ko‘rgazmasi – “Consumer Electronics Show 2013” (CES 2013) boshlandi. Daryo jamoasi esa sizlarga ushbu ko‘rgazmadan qaynoq yangiliklarni birinchilardan bo‘lib yetkazib berishga bel bog‘ladi.

Kingston kompaniyasi CES 2013 ko‘rgazmasida dunyodagi eng birinchi 1 terabaytlik USB-fleshkani namoyish qildi. Bu sohadagi texnologik rivojlanish judayam tez ketmoqda. Chunki, atigi bir yil avval ham maksimum 256 gigabaytgacha bo‘lgan fleshkalar sotuvda edi. Bir yil ichida esa uning hajmi 4 baravarga ortdi.

Kingston-HyperX-Predator-1TB

1 terabaytlik Kingston fleshkasi

Ushbu fleshka “DataTraveler HyperX Predator 3.0” deb nomlanib (nomning uzunligini qarang!), u USB 3.0 standartini qo‘llab-quvvatlaydi. Undagi ma’lumotlarni kompyuterga ko‘chirish tezligi – 240 megabayt/soniya, fleshkaga ko‘chirish tezligi esa – 160 megabayt/soniya.

Fleshkaning narxi, har doimgidek, e’lon qilinmadi. Balki, ular ommani yuqori narx bilan qo‘rqitishni xohlamagandir, chunki 512 gigabaytlik fleshka 1337 dollar turishini hisobga olsak, 1 terabaytlik variant 2500-3000 dollar turishi mumkin.

Tasavvur qilyapsizmi, endi oddiygina (hajmini hisobga olsak, oddiy emas – 1 terabayt!) fleshka butun boshli kompyuteringizdan bir necha barobarga qimmat!