Sobiq mashhur bokschi Mayk Tayson “Qonun va tartib: Maxsus korpus” serialida ishtirok etadi. Deadline portalining xabar berishicha, sobiq bokschi ushbu serialda qamoqxonada yotgan hamda o‘lim jazosini kutayotgan qotil rolini o‘ynaydi.

Mayk Tayson. Foto: mezon.uz

Mayk Tayson. Foto: mezon.uz

Tayson ijro etadigan qahramonning ismi Reggi Rodes bo‘lib, u bolaligida vaxshiy hodisalarning guvohi bo‘lgan hamda kelajakda qotilga aylangan bo‘ladi. Serial bosh qahramoni sanalgan detektiv Oliviya Brenson esa uning ishiga qiziqib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, “Qonun va tartib: Maxsus korpus” seriali 1999-yildan beri mavjud bo‘lib, Tayson ishtirok etgan epizod qachon chiqishi hali noma’lum.

Mayk Tayson bundan avval ham filmlarda suratga tushgan, ammo ularda o‘zining obrazini o‘ynagan edi. Xususan, boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni “Vegasdagi bolakay” va “Bolakay 2: Vegasdan Bangkokkacha” filmlarida suratga tushgan. 2013-yilda uning ishtirokidagi yana ikki film katta ekranlarga chiqishi kutilmoqda – “Bolakay”ning 3-qismi va “Eng qo‘rqinchli film 5”.