Poytaxtimizda 10 va 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida shohmot bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakunlandi.

foto: uza.uz

foto: uza.uz

Xalqaro shohmot federatsiyasi – FIDE qoidalari asosida o‘tkazilgan musobaqada ikki yuz nafarga yaqin o‘g‘il-qiz kuch sinashdi. Bu haqda uza.uz xabar bermoqda.

10 yoshgacha o‘g‘il bolalar bahsida Javohir Sindarov jami sakkiz ochko bilan chempion bo‘ldi. Nodirbek Abdusattorov bu gal kumush medal bilan kifoyalangan bo‘lsa, navoiylik Mehriddin Yo‘ldoshev kuchli uchlikdan joy oldi.

Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda barcha sovrinli o‘rinlar poytaxt vakillari – yetti yarimtadan ochko jamg‘argan Dilbar Hamroyeva va Yuliya Xegay, olti ochko to‘plagan Leyla Kimga nasib etdi.

16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar musobaqasida o‘tgan yilgi chempion – FIDE ustasi Oleg Artemenkoni mag‘lubiyatga uchratgan toshkentlik Jahongir Shavdirov 7,5 ochko bilan chempion bo‘ldi. Toshkent viloyati sharafini himoya qilgan “Umid nihollari – 2012” g‘olibi Alisher Bekmurodov yetti ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Ortiq Ne’matov kuchli uchlikdan joy oldi.

Qizlar o‘rtasida ham kutilmagan natijalar kuzatildi. Chempionlik samarqandlik Gulhayo Narziqulovaga nasib etdi. Toshkent shahri vakili Bahora Abdusattorova esa uchinchi o‘rinni egalladi. Farg‘ona viloyati Nodira Parpiyeva kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Chempionatning g‘olib va sovrindorlari O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qiladi.