Gazeta.Uz internet-nashrining O‘zA axborot agentligiga asoslanib bergan xabariga ko‘ra, 2012-yil davomida poytaxt metropolitenining 3200 nafardan ko‘p yo‘lovchisi qonunni buzgani uchun jazoga tortilgan, 42ta qonunbuzarlikning oldi olingan.

Toshkent metropoliteni. Foto: Wikimedia Commons

Toshkent metropoliteni. Foto: Wikimedia Commons

Toshkent metropoliteni va uning yo‘lovchilari xavfsizligini Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hodimlari ta’minlaydilar. Ularning vazifasi: shaxsiy buyumlarini tekshirish va, kerak bo‘lgan holatlarda, fuqarolarning shaxsini aniqlash. Yo‘lovchilar hujjatlari va shaxsiy buyumlarini tekshirish metropolitendan foydalanish qoidalarida belgilab qo‘yilgan.

Ajablanarlisi shundaki, o‘tgan yili 54 kishi hazil qilibmi, yoki ataylabmi, militsiya hodimlariga buyumlari orasida portlovchi moddalar borligi haqida xabar berishgan. Bu xabar yolg‘on bo‘lib chiqqanidan so‘ng, “hazilkashlar” qonunda belgilangan jarimaga tortilganlar.

Bundan tashqari, 2012-yil davomida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan 1470 dona qarovsiz qoldirilgan buyum tekshirilgan.

Azizlar, xavfsizlikni ta’minlash paytida hazillarga yo‘l qo‘ymay, qonundan chetga chiqmaslikka harakat qilaylik. Chunki har kuni metrodan faqatgina biz emas, balki kamida 180—200 ming kishi foydalanadi.