Mazkur yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra Rossiya bozorlarida GM Uzbekistan avtomobillarining sotuvi 13% ga oshgan. Mart oyi oxirigacha bo‘lgan savdolarda jami 14,1 ming o‘zbek avtomobillari sotilgan. Bu haqda UzDaily.uz sayti ma’lumot beradi.

Chevrolet - Malibu. Foto: chevrolet.com

Chevrolet Malibu. Foto: chevrolet.com

Nexia avtomobillarning sotuvi 11% ga (jami 9345 dona), Matiz avtomobillarining savdosi 16% ga (6553 dona) oshgan. Yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, GM Uzbekistan Rossiya avtomobil bozorida 14-o‘rinni egalladi. Eng ko‘p sotilayotgan mashinalar orasida Nexia 17-, Matiz esa 25-o‘rinda bormoqda.

Faqatgina mart oyining o‘zida Rossiya bozorlarida 1924 ta Nexia va 1484 ta Matiz rusumli avtomobillar sotilgan. Bu esa dunyo bozorlarida o‘zbek avtomobillariga bo‘lgan talab oshib borayotganidan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, GM Uzbekistan kompaniyasi tomonidan Andijon viloyatining Asaka shahrida Nexia, Matiz, Damas, Spark, Cobalt, Lacetti, Captiva va Malibu rusumli avtomobillar ishlab chiqariladi. Rossiya bozoriga Nexia va Matiz eksport qilinadi.