Kaliforniya politsiyasi 20 yoshli ikkita yigitni qo‘lga oldi. Ular mashina va boshqa buyumlarni o‘g‘irlashda ayblanishyapti. Bu haqda ABC News 10 telekanali xabar bermoqda.

Qo‘lga olingan o‘g‘rilar. ABC News telekanali kadridan

Qo‘lga olingan o‘g‘rilar. ABC News telekanali kadridan

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘rilardan biri tasodifan uyali telefoni orqali 911 — favqulodda xizmat raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yuborgan. Bundan bexabar o‘g‘rilar reja tuzishda davom etishgan. Dispetcher esa 35 daqiqa davomida ular suhbatini sabr bilan tinglagan hamda ularning nima qilmoqchi ekanliklarini bilib olgan.

Yigitlar avvol narkotik modda iste’mol qilishgan. So‘ngra “ov”ga chiqishgan. Mashina oynasini sindirib, uni o‘g‘irlashgan. Ular mashinanani imkon qadar uzoqroqqa olib borishga harakat qilishgan.

Suhbatni tinglash orqali dispetcher ikki yosh yigitning qayerga katayotganini bilgan holda politsiyaga xabar berdi. Politsiya xodimlari quvib yetganida o‘g‘rilar hayron bo‘lishdi. Ya’ni ular xuddiki yo‘l qoidasini buzmadik-ku qabilida harakat qilishdi. Politsiyachilar mashinani to‘xtatib, shubhali shaxslarni qo‘lga olishdi.

Qo‘lga olish jarayonida qanday fosh bo‘lganliklarini bilishganidan so‘ng, biri ikkinchisiga qarab “sen rostdan ham 911 ga qo‘ng‘iroq qilib, shuncha vaqt o‘chirmadingmi” degan. Ular suhbatining davomini telekanal vakillari ma’lum qilishmadi.