Osiyo Chempionlar ligasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Toshketning “Bunyodkor” klubi kecha Tailandning “Buriram Yunayted” jamoasini qabul qildi va 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Tailanddagi o‘yinda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongani bois, chorak finalga ular chiqadigan bo‘lishdi.

Foto: fcbunyodkor.com

Foto: fcbunyodkor.com

Uchrashuvni hamyurtlarimiz katta ishtiyoq bilan boshlashdi. Ammo mehmonlar bunga tayyor bo‘lgan shekilli, tartibli o‘yin ko‘rsatib hujumlarni bartaraf etib turishdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Pishur gol urdi. Biroq hakamlar bu vaziyatda o‘yindan tashqari holat bo‘lganini qayd etishdi.

“Bunyodkor” futbolchilari odatdagidek qanotlardan hujum uyushtiraverishdi. Lekin bundan natija chiqmadi. Kamoliddin Murzoyev o‘z odatiga sodiq qolgan holda ikkita vaziyatni golga aylantira olmadi.

Uchrashuvdan keyin “Bunyodkor” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov vaziyatni shunday izohladi:

“Oldimizga qo‘yilgan maqsadga erisha olmadik. Bu hammaga alam qiladi. Raqib yaxshi himoyalandi. Muxlislar juda yaxshi qo‘llab-quvvatlashdi, lekin ulardan uzr so‘rayman. Bugun ba’zi futbolchilar o‘z darajalarida harakat qila olishmadi. Biz ham g‘alaba qozonishni xohladik. Lekin barchasi Yaratgandan.”

— Kamoliddin Murzoev ikki yildan buyon imkoniyatlarni boy berayotgan bo‘lsa ham unga maydonga tushish imkoniyatini beryapsiz. Nima uchun?

— O‘zbekistonda o‘zi ko‘p gol ura oladigan futbolchi ko‘rinmayapti. Shuning uchun Kamolni ham haydab yuboraymi deyman (kuladi). Lekin hammasini bir kishiga yuklab qo‘yish ham yaramaydi. Bugun Pishurning ham o‘yini chiqmadi.