Hech kimga sir emas, mobil internet “uchish” tugul, ba’zi paytlarda “emaklab” qoladi. Bunga operatorlarning Facebook'dagi sahifalaridagi fikrlar dalil bo‘la oladi.

Ammo bu so‘zlar o‘ta subyektiv. Biz obyektiv, aniq tushunchaga ega bo‘lish, siz aziz o‘quvchilarimizga mobil internet tezligi haqida aniq ma’lumot berish maqsadida Toshkentdagi mobil internet tezligini tekshirishga qaror qildik.

Izlanish metodikasi

“Daryo” nashri xodimi Farrux Narimanov HTC Desire S va Samsung Galaxy Camera smartfonlarini qo‘liga olib, poytaxtimizning 14 eng gavjum joylarida bo‘ldi. Har bir punktda u smartfonlarga o‘rnatilgan Speedtest.net dasturi yordamida ikki martadan ko‘chirib olish (download) va yuklash (upload) tezliklarini o‘lchadi. Sinovni boshlashdan avval dastur sozlashlari orqali Qozog‘istondagi “Qozoqtelekom” kompaniyasining Ostona shahrida joylashgan serveri tanlandi. Chunki biz O‘zbekiston ichidagi tarmoqni emas, chinakam internet tezligini sinamoqchimiz.

O‘lchashlar 20-may kuni soat 11:00 va 18:00 oralig‘ida o‘tkazildi

Speedtest.net dasturi HTC Desire (chapda) va Samsung Galaxy Camera smartfonlarida

Speedtest.net dasturi HTC Desire S (chapda) va Samsung Galaxy Camera smartfonlarida

Izlanish natijalari

Sinov natijalari juda ham notekis — tezlik bir joyda 4 megabit bo‘lsa, ikkinchi joyda arang 200 kilobit. Yuklash tezligini-ku gapirmasa ham bo‘ladi — ba’zi joylarda u 25 kilobitga teng. Yigirma besh kilobit! Dial-up interneti tezligi bundan ancha yuqori!

Mobil internet tezligi sinovi natijalari Toshkent haritasida

Mobil internet tezligi sinovi natijalari Toshkent haritasida

Bizning maslahat (haritaga nazar soling): Agar siz Bunyodkor metro bekati, “Bilayn” ofisi atrofida istiqomat qilsangiz, “Bilayn” internetidan foydalaning. Shunda internetingiz “uchadi”, asblaringiz buzilmaydi. Mabodo siz Oloy bozori, Pedagogika instituti, Beruniy, Do‘stlik metro bekatlari, O‘zbekiston milliy kutubxonasi atrofida istiqomat qilsangiz, u holda Ucell sizning qadrdoningizga aylanadi.

Siz Chorsu, Buyuk ipak yo‘li metro bekatlari atrofida yoki Sirg‘ali tumanida yashasangiz — juda omadli ekansiz. Chunki bu hududlarda ikkala kompaniya interneti ham juda tez ishlaydi.

Mobil internet tezligi raqamlarda

Mobil internet tezligi raqamlarda

Izlanish natijalariga ko‘ra, Ucell interneti Beeline'nikidan ko‘ra o‘rta ikki barobar tez ishlashiga amin bo‘ldik. Yuklash tezliklari ikkala operatorda ham juda past.

Albatta, biz olgan natija kun davomida shunday bo‘lib turmasligi mumkin, chunki kechki payt mobil operator tarmoqlariga ko‘p og‘irlik tushib, internet sekinlashib qolishi ehtimoli mavjud.

Sizda internet qanday ishlaydi? Fikrlaringiz bilan bo‘lishing!

P.S. Samsung Galaxy Camera kamerafonini taqdim qilgani uchun Samsung kompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz