Amerikalik milliarder Bill Geytsning rafiqasi Melinda sayyoraning eng nufuzli ayollari ro‘yxatidan sobiq AQSh davlat kotibi Hillari Klintonni siqib chiqardi. Forbes yillik reytingi natijalari shunday bo‘lib chiqdi.

Melinda Geyts (raredelights.com)

Melinda Geyts (raredelights.com)

Ro‘yxatda Melinda Geyts Bill & Melinda Gates Foundation tashkiloti raisdoshi sifatida ko‘rsatildi. Ushbu tashkilotning vazifasi poliomiyelit (asab tizimini falaj qiladigan o‘ta yuqumli kasallik) bilan kurashish va ayollarni sifatli kontraseptiv vositalar bilan ta’minlashdir. 2012-yilda bu fond turli dasturlarga 3,4 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratdi. Uning katta qismi sog‘liqni saqlash sohasidagi dasturlarga sarflandi.

Hillari Klinton (inserbia.info)

Hillari Klinton (inserbia.info)

Yuqori uchtalikdagi o‘rnini Melinda Geytsga boy bergach, Hillari Klinton 5-o‘ringa tushib qoldi. 2013-yilning fevralida AQSh davlat kotibi lavozimini tark etgan bo‘lishiga qaramay, Klinton hamon dunyoning eng nufuzli ayollaridan biri bo‘lib qolmoqda. Kuzatuvchilar aynan u Demokratik partiya tomonidan 2016-yilgi AQSh prezidentligiga saylovlarda nomzod bo‘lib qatnashishini bashorat qilmoqdalar.

Eng nufuzli ayollar beshtaligi ro‘yxatida Germaniya kansleri Angela Merkel an’anaviy tarzda peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘ringa Braziliya prezidenti Dilma Russef ko‘tarilgan bo‘lsa, Geyts va Klinton orasidagi o‘rinni AQShning hozirgi birinchi xonimi Mishel Obama band qilib turibdi.