Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Kim Chan Su KXDR tomonidan bo‘lgan raketa zarbasi tahdidi sabab uch oy ish joyida istiqomat qildi. Bu haqda 28-may, seshanba kuni Yonhap axborot agentligi tarqatgan ma’lumotlarga tayanib kun.uz xabar bermoqda.

foto: rus.ruvr.ru

foto: rus.ruvr.ru

Xabarda qayd etilishicha, shu kunlarda Kim Chan Su tunni o‘tkazish uchun uyiga ketishga qaror qilgan. Agentlik ushbu harakatni yarimoroldagi vaziyatning barqarorlashuviga dalil sifatida ko‘rsatgan.

O‘tgan uch oy davomida Kim Chan Su ish joyida ovqatlangan va qo‘shni binoda tunlarni o‘tkazgan. Bu Janubiy Koreyaning KXDR bilan munosabatlaridagi keskinlashuv va hammasi Shimolning qurolli agressiyasi bilan yakunlanishi xavfi mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar 2012-yil dekabrida keskinlashgan edi. Bunga rasmiy Pxenyan tomonidan sun’iy yo‘ldosh uchirilishi sabab bo‘lgandi – Seul ushbu harakatni ballistik raketa sinovi deb baholagan. 2013-yilning fevralida KXDR yadroviy sinovlarni o‘tkazdi va shundan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi Shimolga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirdi. Bunga javoban KXDR hukumati Janubiy Koreya bilan tinchlik sulhini bekor qilishlarini ma’lum qilib, Seulga yadroviy urush bilan tahdid qildi.

Seul va Pxenyan o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi Janubiy Koreyaning salkam 150ta korxonasi joylashgan Keson sanoat majmuasining yopilishiga sabab bo‘ldi. KXDR hech qanday ogohlantirishlarsiz janubiy koreyalik ishchilarning ushbu majmuaga kirishini taqiqlab qo‘ydi, bu esa Janubiy Koreya tomonining e’tiroziga sabab bo‘ldi. Seul bir necha bor hamkorlikni davom ettirish masalasida muzokaralar o‘tkazishni taklif qildi, biroq har safar Shimoldan rad javobini oldi. Biroq, 28-may kuni KXDRning o‘zi Janubiy Koreyaga Keson sanoat zonasi faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklifi bilan chiqqani ma’lum bo‘ldi.