O‘zbekistonda iyun oyida an’anaviy tarzda giyohvandlikka qarshi kurash oyligi o‘tkaziladi. Oylik narkotik moddalarni suiiste’mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha 2011—2015-yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida o‘tkaziladi, deya xabar berdi O‘zA.

fikr.uz

fikr.uz

Joriy yilda ham mazkur oylik davomida mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli profilaktika ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu ishlarga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi, uning hududiy komissiyalari va boshqa bir qator tashkilotlar keng jalb qilinadi.

Mazkur oylik davomida birinchi navbatda, narkotik moddalarni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida san’atkorlar, sportchilar, jamoat arboblari ishtirokida xayriya konsertlari o‘tkaziladi.

Yoshlar uchun giyohvand moddalarni suiiste’mol qilish va uning halokatli oqibatlariga bag’ishlangan ijtimoiy roliklar, turkum radioeshittirishlar va ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi, gazeta va jurnallarda maqolalar chop etiladi. Kinoteatrlarda shu mavzuda filmlar namoyish etiladi.