GM Uzbekistan — O‘zbekiston-Amerika qo‘shma korxonasi 2013-yilning yanvar-aprel oylarida 23 ming 789 ta avtomobilni chet davlatlarga eksport qilgan. Bu haqda 12uz.com sayti xabar bermoqda.

foto: bibi.uz

foto: bibi.uz

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2013-yil boshidan beri ichki bozorda 49 ming 119 dona avtomobil xaridorlar tomonidan sotib olingan.

Agarda raqamlarni o‘tgan yilning shu davridagisi bilan taqqoslasak, o‘sish 10 foizni tashkil qilgani ma’lum bo‘ladi. Umumiy hisobda GM Uzbekistan tomonidan 69 ming 454 dona avtomobil ishlab chiqarilgan.

Oldinroq kompaniyaning Moskvadagi dilerlik konferensiyasida C-klassdagi Gentra sedani taqdim etilgandi. Ushbu yangi mashina Chevrolet Lacetti platformasi asosida tayyorlangan. Uz-Daewoo kompaniyasi ushbu sedan uchun buyurtmalar 1-iyundan qabul qilinishini ma’lum qilgan. Rossiyada Gentra’ning narxi 399 ming rubl bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: gentra-club.ru

Foto: gentra-club.ru

Asakada joylashgan avtozavod Gentra’ni asosan eksport uchun chiqarishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya ushbu loyihani amalga oshirish yo‘lida 23,4 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritgan.

2013-yilning birinchi kvartalidagi raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan yil bilan solishtirganda o‘zbek avtomobil zavodining Rossiyaga mashina eksport qilish xajmi 13 foizga oshib, 15 ming 898 taga yetgan. Ayni paytda GM Uzbekistan Nexia, Lacetti, Malibu, Cobalt, Matiz, Spark, Captiva va Damas mashinalarini ishlab chiqarmoqda.