Britaniyalik ko‘cha rassomi Benksining London devoridan g‘oyib bo‘lgan “Qul mehnati” asari 2-iyun kuni Londondagi Kino muzeyida Sinkura Group kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan xususiy kimoshdi savdosida sotildi, deya xabar berdi Businessweek.

Mirror.co.uk

Mirror.co.uk

Ushbu savdoning tashkilotchilari “Qul mehnati”ga 900 ming funt sterling (taxminan 1,4 million dollar) miqdorida minimal qiymat belgilashgan. “Qul mehnati” egasining manfaatini himoya qilayotgan san’at asarlari savdosi mutaxassisi Robin Bartonning ta’kidlashicha, kimoshdi savdosining birdaniga uch nafar ishtirokchisi Benksining graffitisi uchun 900 ming funt sterlingdan ko‘proq narx taklif qilishgan. “Qul mehnati” uchun taklif qilingan eng katta narx va uning yangi egasi keyinroq e’lon qilinadi.

“Qul mehnati” (“Slave Labour”) Londonning Vud Grin tumanidagi do‘kon devorida 2012-yilning may oyida paydo bo‘lgan. Unda tikuv mashinasida Britaniya bayrog‘ini tikayotgan oyoqyalang bolakay tasvirlangan.

2013-yilning fevralida Benksining ijodi devordan suvoq bilan birgalikda ko‘chirib olingan. Tezda “Qul mehnati” Amerikadagi Fine Art Auctions kimoshdi savdosi uyi tomonidan Mayamida savdoga qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan. Vud Grin tumani aholisi va mahalliy hokimiyatning norozigarchiliklari natijasida, graffiti savdodan olib tashlangan va Sinkura Group tomonidan Londonning Kino muzeyida tashkil qilingan Benksi asarlari ko‘rgazmasida markaziy eksponat sifatida paydo bo‘lgan.