“Maykrosoft” (Microsoft) kompaniyasi va FQB (Federal qidiruv byurosi) agentlari, shuningdek, 80 ta davlat vakillari “Sitadel botnets” (Citadel Botnets) xakerlik tarmog‘i bo‘yicha birgalikdagi tekshirish ishlarini boshlab yubordilar. Ushbu tarmoq butun dunyo bo‘yicha bank hisoblaridan 500 million dollarni o‘marishda gumon qilinmoqda.

foto: watchguardsecuritycenter.com

foto: watchguardsecuritycenter.com

Reuters agentligining chorshanba kuni bergan xabariga ko‘ra, “Maykrosoft”ning maxsus bo‘limi 5 millionga yaqin kompyuterlarga virus yuqtirgan mingdan ortiq xavfli bot-tarmoqlarni zararsizlantirgan. AQShda Bank of America, Citigroup, JPMorgan Chase va boshqa banklarga hujumlar uyushtirilgan. “Maykrosoft” bergan ma’lumotga ko‘ra, yana 400 ta virus tarmoqlari faol bo‘lib turibdi.

Kompaniyaning taxminicha, kiberjinoyatchilar Rossiya yoki Ukrainada joylashib olgan bo‘lishi mumkin. Chunki, ushbu mamlakatlarda virus faolligi kuzatilmagan. Mutaxassislar ushbu guruh yetakchilarining ismlarini aniqlagani yo‘q, “biroq texnologiyalar bo‘yicha jiddiy zarba berib bo‘lindi”, deydi kompaniya xodimlari.

“Sitadel botnets” xakerlar uchun o‘ziga xos pulli “ijtimoiy tarmoq” hisoblanadi. U yerda foydalanuvchilar yashirin nomlar ostida bir-biri bilan xabarlashishi, yangi g‘oyalar uchun ovoz berishi, ma’lum ishlanmalar yoki xakerlik modulini takomillashtirish bo‘yicha o‘z bahosini taklif qilishi mumkin.

Tarmoq AQSh, Yevropa, Avstraliya, Hindiston, Gonkong davlatlarida faol ishlaydi.