Germaniyadagi bank xodimi ish vaqtida mudrab qolib, 222 million yevrodan oshiq mablag‘ni ko‘chirib yuborgan, deya xabar berdi BBC News.

foto: freeimageslive.co.uk

foto: freeimageslive.co.uk

Xodim 64,2 yevro miqdorida pul ko‘chirmasini amalga oshirishi kerak bo‘lgan, biroq qo‘li klaviatura ustida turgan holda mudrab qolgan. Klaviaturaning “2” tugmasi bosilib, hisob raqamiga 222222222,22 yevro o‘tkazilgan. Xato tezda aniqlangan va tuzatilgan.

Pinakka ketgan hamkasbi faoliyatini nazorat qilib turishi kerak bo‘lgan bank inspektori – 48 yoshli ayol voqea oqibatida ishdan bo‘shatilgan. Ushbu moliyaviy o‘tkazma yovuz niyat emas, xatolik bilan amalga oshirilganini ta’kidlagan sobiq xizmatchi sudga murojaat qilgan.

Sud xatolik sodir bo‘lgan kuni bank inspektorining 812 ta hujjat xatosini tekshirib chiqqanligi, ularning har biri uchun 1 sekunddan sal ko‘proq vaqt sarflaganligini aniqladi. Ishdan haydalish noqonuniy deb topilib, xodimning ish joyiga qayta tiklanishi talab qilindi.

Hodisa o‘tgan yilning aprel oyida sodir bo‘lgan, ammo bank nomi sir tutilmoqda.