Yer yuzidagi eng keksa odam sifatida Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritilgan yaponiyalik Jiroemon Kimura 12-iyun kuni 116 yoshida hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar berdi BBC News. U Yaponiyaning Kyoto shahridagi Kyotango kasalxonasida tabiiy sabablar tufayli vafot etgan.

foto: msn.com

foto: msn.com

Kimura 1897-yil 19-aprelda tug‘ilgan. Dunyodagi eng keksa odam va Yer yuzida yashaganlar ichida eng keksa kishi martabalarini 2012-yil 28-dekabr – 115 yosh-u 253 kunlik bo‘lganida qo‘lga kiritgan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, uning 7 farzandi, 14 nevarasi, 25 chevarasi va 13 evarasi bor. Kimura mahalliy pochta idorasida nafaqagacha ishlab, undan keyin, 90 yoshga kirgunicha o‘g‘lining fermerlik faoliyatida yordam bergan.

foto: lavoz.com.ar

foto: lavoz.com.ar

Jiroemon Kimura o‘zining uzoq umr kechirish siri borasida berilgan savollarga quyidagicha javob berar edi: “Balki buning sababi boshim tepasida nur sochib turgan quyoshdir. Men hamisha yuqoriga – osmonga qarab yashayman”.

Kimuraning vafotidan so‘ng, dunyodagi eng keksa odam nomi Yaponiyaning yana bir fuqarosi Misao Okava ismli ayolga o‘tdi. U mart oyida o‘zining 115 yoshini nishonlagan edi.