O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy sayti Clone Security xakerlik guruhi tomonidan ishdan chiqarildi, deya xabar berdi Kun.uz.

Xakerlik hujumiga uchragan O‘FF rasmiy sayti bosh sahifasidan skrinshot foto: Kun.uz

Xakerlik hujumiga uchragan O‘FF rasmiy sayti bosh sahifasidan skrinshot. Foto: Kun.uz

O‘FF rasmiy sayti bosh sahifasida paydo bo‘lgan xabarda aytilishicha, federatsiya sayti, Tvitterdagi barcha akkauntlari va elektron pochta manzillari xakerlar tomonidan buzilgan.

O‘FF rasmiy sayti – the-uff.com manzilida paydo bo‘lgan sahifada “Terma jamoa jahon chempionatiga chiqolmapti... Ha, chiqolmaydiyam-da!” deb yozilgan. Bundan tashqari, u yerda milliy terma jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovga demotivator surat ham qo‘yilgan. Uning ostiga esa “Avtogol zo‘r chiqdi-a?” degan yozuv joylashtirilgan.

Ushbu hujum 11-iyun – O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2014 saralash bosqichi doirasida Janubiy Koreya bilan o‘tkazilgan o‘yinda imkoniyatni boy bergan kuni amalga oshirilgan.

Clone Security xakerlik guruhi bungacha O‘zMTRK saytiga ham hujum uyushtirgan edi.