Rossiyaning Astraxan shahri politsiyachilari 13-iyun kuni quruvchilik firmasi rahbari va buldozer haydovchisini qo‘lga oldi. Ular ichida odam bo‘lgan uyni buzmoqchi bo‘lganlikda ayblanmoqda, deya xabar berdi “RIA Novosti”.

foto: travel.drom.ru

foto: travel.drom.ru

Ayni paytda qo‘lga olinganlar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ulardan kamida bittasi kuchli mast bo‘lganlikda gumon qilinmoqda. Mol-mulkga qasddan shikast yetkazish va o‘zboshimchalik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘ash masalasi hal qilinmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, 13-iyun kuni istiqomat qiluvchilari ko‘chib ketishdan bosh tortayotgan uyga qarab buldozer haydab borilgan. Uyda yashovchilar politsiyani chaqirgan. Biroq, politsiya yetib kelganidan keyin ham, traktor haydovchisi uyni qulatishga harakat qilgan. Natijada 3 ta xonaga zarar yetgan. O‘sha paytda bino ichida bir ayol bo‘lgan, u jabrlanmagan.

Shahar hokimiyati ushbu uy joylashgan maydonni besh yildan beri tekislashga harakat qilib kelmoqda. Uning yonida yangi ko‘p qavatli uyni qurish ishlari boshlanib ketgan. May oyida noma’lum shaxslar uyni yoqib yuborishga harakat qilgan. Bundan tashqari, binoda energiya va suv ta’minoti muntazam ravishda o‘chib turadi. Biroq, shunga qaramay, istiqomat qiluvchilarning uyni tark etish niyati yo‘q.