Italiya sudi dizaynerlar Domeniko Dolche va Stefano Gabbana soliqlar to‘lashdan bosh tortganligi uchun har biriga 1 yili-u 8 oy qamoq muddati belgiladi, deya xabar berdi Frans Press agentligi.

Dizaynerlar Domeniko Dolche va Stefano Gabbana. Foto: fashion-law.org

Dizaynerlar Domeniko Dolche va Stefano Gabbana. Foto: fashion-law.org

Dolce & Gabbana taniqli markasi asoschilari bir necha yil davomida Italiya soliq va sud organlari diqqat markazida turgan edi. Kuzatuvlar asosida, 2004-yil Lyuksemburgda Dolce & Gabbana Luxemburg sarl va Gado sarl kompaniyalari tashkil qilinganidan boshlab, mashhur modalar uyi rahbariyati moliyaviy hisobotlarda katta ko‘lamdagi xatoliklarni amalga oshirganlikda va soliq hujjatlarini qalbakilashtirganlikda gumon qilinmoqda. Natijada 1 milliard yevroga yaqin mablag‘ Italiya g‘aznasiga to‘lanmagan.

Sal avvalroq Milan prokuraturasi har ikkala dizaynerga ikki yarim yildan qamoq jazosi berilishini talab qilgan edi.

Ushbu ish bo‘yicha tekshiruv Italiya Moliya gvardiyasi (soliq politsiyasi) xodimlari modalar uyining barcha savdo belgilari va brendlari tegishli bo‘lgan xorijiy kompaniya mavjudligi haqida bilib qolishganida boshlangan edi. Natijada Dolce & Gabbana xorijda o‘ta cheklangan miqdordagi soliqlar to‘lovini amalga oshirgan edi.