Apple’ning ko‘p sonli muxlislari Stiv Jobsning notiqlik san’atini, kompaniya mahsulotlarining jozibali taqdimotini sog‘inmoqda. Jobsning nutqi Apple afsonalarining bir qismi edi. Kompaniyaning hozirgi rahbari Tim Kuk o‘zidan oldingi rahbar bilan taqqoslaganda poyma-poyroq nutqga ega bo‘lsa-da, aqllilikda qolishmaydi. U IBM va Compaq kabi ulkan IT-kompaniyalarida top-menejerlik tajribasini orttirgan.

Foto: rbc.ru

Foto: rbc.ru

O‘z-o‘zidan ma’lumki, har qanday tadbirkor, ayniqda IT sohasi bilan bog‘liq bo‘lganlar, bunday daraja va malakaga ega bo‘lgan odam bilan shaxsan suhbatlashish imkoniyatini katta omad deb bilgan bo‘lar edi. Siz Kuk bilan xoli qolib, bir chashka qahva ichish uchun necha pul to‘lashga rozi bo‘lardingiz? 100 ming dollar? 200? Narx bundan ham yuqori. Uni Robert Kennedi Fondini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan CharityBuzz xayriya kimoshdi savdosining noma’lum g‘olibi belgiladi.

Lotning boshlang‘ich qiymati bor-yo‘g‘i 5 ming dollarni tashkil qilgan. Biroq, bir necha soat ichida Kuk bilan qahva ichish istagida bo‘lganlar mablag‘ni 50 mingga chiqargan. Noma’lum ishtirokchi hech kim o‘zib keta olmagan summani – 610 ming dollarni taklif qilgach, savdo yopilgan.

Bu pul evaziga kimoshdi savdosi g‘olibi Kupertinoda joylashgan Apple kampusida Kuk bilan qahva ustida 30 daqiqa vaqt o‘tkazishi mumkin. Buning ustiga, Tim Kukning ashaddiy muxlisi kofe-breykka yana bir kishini olib kelishi mumkin.

“Biz natijalardan hayratdamiz”, - deydi CharityBuzz asoschisi va ijro etuvchi direktori Koppi Xolsma. Butun bahor mavsumi bo‘yicha CharityBuzz Kennedi Fondiga bir million dollardan oshiqroq mablag‘ keltirgan. Ularning bari fondning adliya va inson huquqlari muammolari bilan bog‘liq xayriya dasturlariga yo‘naltiriladi.

Maqolani tayyorlashda rbc.ru sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.