Ish haqingizdan ko‘nglingiz to‘lmayaptimi? Sizga ajratilayotgan maosh mehnatingizga munosib emas, deb hisoblaysizmi? Unda rahbar bilan jiddiy gaplashib olish vaqti keldi. Bunday suhbatni qanday boshlab, qay tarzda yakunlash haqida esa ushbu maslahatimizga quloq tuting.

foto: hongkiat.com

foto: hongkiat.com

1. Suhbat uchun to‘g‘ri vaqt va joyni tanlang

So‘nggi paytlarda kompaniyangiz ishlari yomon ketayotgan bo‘lsa yoki boshlig’ingiz juda ham band bo‘lsa, bu masalada murojaat qilmagan ma’qul. Qulay fursat bo’lishi bilanoq, rahbaringizdan sizni xoli qabul qilishini so‘rang (ortiqcha quloqlar sizning yo’lingizga faqat g‘ov bo‘ladi) va ikkalangiz ham suhbatga tayyor bo‘lishingiz uchun, nima haqida suhbatlashmoqchi ekanligingizni oldindan oshkor qiling.

2. Suhbatingiz ohangiga e’tibor bering

Yolvorish ohangida gapirish yoki kompaniyadagi mehnat tarixingizni ezmalik bilan aytib berish kerak emas. Sodda, tushunarli va ishonarli qilib gapiring. So‘nggi yutuqlaringizni ham qo‘shib qo‘ysangiz ayni muddao.

3. Ko‘zlagan pul miqdorini aniq qilib ayting

Aynan qancha miqdorda qo‘shimcha olmoqchi ekanligingizni bildiring, masalan, 30% deb. Agar siz o‘zingiz kutayotgan pul miqdori haqida gapirmasangiz, rahbaringiz siz nazarda tutgan qo‘shimcha mablag‘ 10% deb tushunishi mumkin.

4. Kompaniyadan ketish haqida po‘pisa qilmang

Har qanday sharoitda ham boshlig‘ingizga u sizning iltimosingizni bajarmagan taqdirda, ishdan ketishingiz haqida gapirmang. U sizdek “tengi yo‘q” xodimni almashtirish haqida o’ylab qolishi mumkin. Shuningdek, bunday po‘pisalar rasmiy axloq qoidalariga ziddir.

5. Boshqa turdagi moddiy badallar haqida o‘ylab ko‘ring

Agar sizning maoshni oshirish haqidagi iltimosingiz rad qilinsa, kompaniyadagi lavozimingiz va mutaxassisligingizdan kelib chiqib, o‘zingiz uchun qulayroq bo‘lgan ish grafigini yoki uzaytirilgan mehnat ta’tilini so‘rab ko‘ring.