Qozog‘istonda joylashgan Baykonur kosmodromida “Proton-M” raketasi uchirilish chog‘ida portlab ketdi. U 3 ta “Glonass” yo‘ldoshini orbitaga yetkazib berishi kerak edi.

“Proton-M”. Foto: ria.ru

“Proton-M”. Foto: ria.ru

Eltuvchi raketa uchirilgach, 10 soniya ichida o‘z traektoriyasidan ancha olislab ketdi, keyin esa pastga qayrilib, bo‘laklarga bo‘linib ketdi va portladi.

“Interfaks”ning kosmodromdagi manbasi, raketaning qulashiga rul dvigatelining ishlamay qolganligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. RIA Novosti’ga intervyu bergan mutaxassislar esa, halokatning sababi boshqaruv tizimining ishlamay qolganligida deb taxmin qilmoqda.

Halokatning sababini aniqlash Roskosmos tomonidan tuzilgan qo‘mitaga topshirildi. Raketa va 3 ta yo‘ldoshning portlashi natijasida yetgan zarar 200 million dollar deb baholanmoqda.

Raketa uchirilishini jonli efirda uzatayotgan Rossiya 24 kanali portlash jarayonini ham ommaga jonli ravishda havola etdi.

“Interfaks”ning xabar berishicha, portlash natijasida hech kim zarar ko‘rmagan. Raketa start maydoni yaqinidagi xarobazorga qulagan. Bu paytda barcha mutaxassislar bunkerda bo‘lgan.

Kosmodromdagi yong‘in hali ham davom etmoqda. 170 tonna miqdoridagi zaharli modda hisoblanadigan geptil raketa yoqilg‘isi yonayotganligi xabar berilgan. Shu sababli, Qozog‘iston favqulodda xizmat tashkiloti yaqin oradagi aholi punktlaridan odamlarni ko‘chirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.