Boeing 777 samolyoti AQShning San-Fransisko Xalqaro aeroportiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchradi. U Asiana Airlines aviakomapniyasiga tegishli bo‘lib, Janubiy Koreya poytaxti Seuldan uchib kelayotgan edi.

Foto: BBC News

Foto: BBC News

“Sinxua” agentligining xabar berishicha, samolyot bortida 307 nafar kishi bo‘lgan, shundan 16 nafari ekipaj a’zolaridir. Halokat natijasida 2 kishi vafot etgan, 182 kishi jarohat olgan. Qurbonlarning har ikkalasi ham Xitoy fuqarosi bo‘lganligi aniqlangan. Ular haqida boshqa tafsilotlar ma’lum emas.

Yo‘lovchilarning 141 nafari Xitoy, 77 nafari Janubiy Koreya, 61 nafari Amerika va bir nafari Yaponiya fuqarosi bo‘lgan. Qolgan yo‘lovchilarning fuqaroligi hali aniqlanmagan. Xitoylik 60 talaba o‘z o‘qituvchilari bilan AQShga yozgi oromgohda dam olish uchun ketayotgan bo‘lgan.