AQShning San-Fransisko shahrida Boeing 777 samolyoti halokatga uchragani haqida avval xabar bergan edik. Associated Press’ning ta’kidlashicha, uning uchuvchisi bunday samolyotni boshqarish bo‘yicha juda kam tajribaga ega bo‘lgan. Bu haqda Asiana Airlines aviakompaniyasi rasmiy vakillari e’lon qilgan.

Qurbonlarning ota-onasini boshqa talabalarning ota-onalari ovutmoqda. Foto: Associated Press

Qurbonlarning ota-onasini boshqa talabalarning ota-onalari ovutmoqda. Foto: Associated Press

Boshqa turdagi samolyotlarni boshqarishda katta tajriba orttirgan bo‘lsa-da, aynan bunday laynerni San-Fransisko aeroportiga ilk daf’a qo‘ndirishi bo‘lgan. Biroq, unga Boeing 777 ni uchirishda yetarli tajribaga ega boshqa uchuvchi ham yordamchilik qilgan, deya qo‘shimcha qildi aviakompaniyadagilar.

6-iyul kuni San-Fransisko Xalqaro aeroportiga kelgan layner qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish maydonini ko‘rfazdan ajratib turuvchi ko‘tarmaga urilib ketgan. Natijada samolyot korpusi qisman zarar ko‘rgan. Bortda esa yong‘in paydo bo‘lgan, biroq yo‘lovchilarni ko‘chirishga ulgurishgan.

Halokat natijasida ikki nafar 16 yoshli xitoylik qiz vafot etgan, 182 kishi jarohatlangan. Qizlarning qanday halok bo‘lgani hali noma’lum. Buni aniqlash uchun ekspertiza ishlari davom etmoqda.