AQShning Minnesota shtati Dorset shaharchasi hokimi o‘yinchoq mashinalar o‘ynashni, qo‘shiq kuylab raqsga tushishni va muzqaymoq yeyishni yaxshi ko‘radi, chunki u bor-yo‘g‘i 4 yoshda. Bu haqda Rossiyaning Birinchi kanali xabar berdi.

Foto: dl-online.com

Foto: dl-online.com

Kichik yoshda bo‘lishiga qaramay, u hududidagi eng mashhur siyosatchi bo‘lib, yaqin orada bo‘lib o‘tadigan saylovlarda o‘z raqobatchilariga hech qanday imkoniyat qoldirmayapti.

Hali maktabga ham bormaydigan bu yosh siyosatchining saylovoldi tadbirlari xuddi kattalarnikidek o‘tadi. Hozirda 4 yoshli Robert Tafts hokimlikka yana qayta saylanishga hozirlik ko‘rmoqda.

Boshga yarasha do‘ppi deganlaridek, Amerikaning Minnesota shtati Dorset shaharchasi aholisi 22 kishidan iborat. Hudud jihatdan Dorset uncha katta bo‘lmasada, aholisi o‘z shahrini dunyo restoranlari poytaxti deb atashadi, chunki bu yerda kishi boshiga to‘g‘ri keladigan restoranlar soni rekord natijani tashkil etadi.

Har yili bu yerda “Dorset mazasi” festivali o‘tkaziladi va shu festivalda xalq o‘ziga yangi hokimni saylaydi. 2012-yilda saylangan jajji Bobbi o‘zining maftunkorligi va kirishimliligi bilan unga ovoz beradigan tarafdorlarini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Saylovda istagan ishtirokchi istagancha ovoz berishi mumkin. “Har bir ovoz bir dollar turadi, byulletenlar yig‘ib chelakka solinadi va aralashtirilib, bittasi tanlab olinadi. Unda kimning ismi yozilgan bo‘lsa, o‘sha Dorset hokimi hisoblanadi”, – deya aniqlik kiritdi Janet Dadli.

Garchi shaharda qonuniy hokimiyat mavjud bo‘lmasa-da, kichik siyosatchi o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashmoqda. U sayyohlarni kutib olish va o‘z tashrif qog‘ozlarini tarqatgan holda xayriya uchun pul jamg‘arishda faol ishtirok etadi. Keyingi saylovga 1 oydan kam vaqt qolgan, ammo saylovchilarning so‘zlariga qaraganda, uning natijasi hozirdan ma’lum.