“Xabbl” teleskopi Neptun sayyorasining avval noma’lum bo‘lgan yangi yo‘ldoshini aniqladi. NASA saytida xabar berilishicha, uning diametri 12 milni (19 kilometr) tashkil etadi.

Foto: nasa.gov

Foto: nasa.gov

Yo‘ldoshga vaqtinchalik S/2004 N 1 belgisi berildi. U Neptunning 14- va eng kichik yo‘ldoshidir.

S/2004 N 1 sayyoradan 65400 mil (105251 kilometr) uzoqlikda joylashgan bo‘lib, uning orbitasi (harakat yo‘li) boshqa ikki yo‘ldosh – Larissa va Protey orbitalari oralig‘i bo‘ylab joylashgan. Yo‘ldosh Neptunni 23 soat ichida to‘liq aylanib chiqadi.

1989-yilda Neptunga uchgan va uning yo‘ldoshlar va halqalari tizimini tadqiq qilgan “Voyajer” kosmik qurilmasi S/2004 N 1 ni payqamagan. Uni 2013-yilning 1-iyul kuni SETI Kaliforniya instituti xodimi Mark Shouolter aniqlagan. Olim Neptun halqalari segmentlarini o‘rganayotgan paytda “Xabbl” tomonidan olingan suratlarda noma’lum dog‘ni payqab qolgan.

Neptun Quyosh tizimidagi sakkiz sayyora ichida Quyoshdan eng uzoqda joylashgan sayyoradir. Uning diametri Yernikidan deyarli to‘rt marta katta. Sayyora 1846-yilda kashf qilingan.