Xalqaro valyuta fondi (XVF) shu yil hisobidan uchinchi marotaba dunyo iqtisodiy taraqqiyoti bo‘yicha bashorati ko‘rsatkichlarini pasaytirdi. Bunga bozor rivojlanishining susayishi va yevrohududdagi cho‘zilib ketgan tanazzul sabab bo‘ldi.

Chart

CNN Money xabar berishicha, o‘zining yangilangan Dunyo Iqtisodiyoti Istiqbollarida XVF dunyo miqyosidagi ishlab chiqarishning 2013-yilda bor-yo‘g‘i 3,1% ga o‘sishini aytdi. Yanvarda bu ko‘rsatkichni 3,5%, aprelda 3,3% qilib belgilagan edi.

Bunday qayta baholash global iqtisodiyotning so‘nggi ikki yilda susayganini bildiradi. Biroq XVF 2014-yilda rivojlanishning 3,8% ga o‘sishini bashorat qilmoqda.

Aprel oyidagi global hisobotidan beri, XVF 2013-yilning o‘sish bashoratlarini AQSh uchun 1,7% ga, Xitoy uchun 7,8% ga tushirdi. Endilikda u o‘zining eng davomiy tanazzuliga “o‘ralib” qolgan yevrohudud iqtisodiyoti apreldagi ko‘rsatkichning teng yarmiga (0,3%) qisqarishini kutmoqda.

So‘nggi olingan ma’lumotlar Xitoyning yirik sanoat sektoridagi sekinlashuvni ko‘rsatmoqda. Buning natijasi allaqachon Braziliya va Janubiy Afrika kabi davlatlar bozorida sezilmoqda. Shu sababli XVF Braziliya iqtisodiyoti bo‘yicha taxminiy ko‘rsatkichni 3% dan 2,5% ga, Janubiy Afrika ko‘rsatkichini esa 2,8% dan 2% ga tushirdi.

Aksincha, Yaponiyaning avval bashorat qilingan 1,6 foizlik o‘sishi 2% deb o‘zgartirildi. Bunga sabab abenomika siyosatining (Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe tomonidan o‘tkazilayotgan iqtisodiy siyosat) muvaffaqiyatidir. Bundan tashqari, Buyuk Britaniya va Kanada ko‘rsatkichlari ham tegishli ravishda 0,3% va 0,2% ga oshirildi.

Aziz o‘quvchilar, dunyo iqtisodiyotining inqirozga uchrashi sababi nimada deb o‘ylaysiz?