O‘zbekistonda MDH bo‘yicha eng uzun osma yuk tashish yo‘li quriladi. Bu haqda ITAR-TASS xabar berdi.

Foto: poma.net

Foto: poma.net

Uzunligi 33 kilometr keladigan ushbu arqonli yo‘l Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod kaliy o‘g‘itlarini ishlab chiqaruvchi zavodi uchun xizmat qiladi. Hozirgi kunda xomashyo zavodga kaliyli tuz makonlaridan samosvallarda tashib yetkazilmoqda.

Arqon yo‘li qurilishi loyihasi bilan Permning “G‘arbiy Ural mashinasozlik konserni” shug‘ullanadi.Po‘lat arqonlar bilan ta’minlash shartnomasi esa “Radelli” kompaniyasi bilan imzolandi.

Ushbu yo‘lning smeta bahosi 43 million dollar bo‘lib, uning mahsuldorligi esa yiliga 2,1 million tonnani tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

12news.uz nashrining ta’kidlashicha, Dehqonobod kaliy o‘g‘itlari zavodi 2010-yilda ishga tushirilgan. Uning loyiha quvvati yiliga 200 ming tonna mahsulotni tashkil etadi. Keyinchalik tashkilot yiliga 400 ming tonna quvvatdagi yana bir ishlab chiqarish yo‘nalishini tashkil etish maqsadida.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, dunyodagi eng uzun yuk tashuvchi osma yo‘l Gabonada joylashgan. Uzunligi 76 kilometrni tashkil etadigan bu yo‘l rudalarni tashish uchun xizmat qiladi.

MDH hududidagi eng uzun arqonli yo‘l Armanistonda bo‘lib, bu 5,7 kilometr keladigan “Tatev qanotlari” qurilmasi dara bo‘ylab Tatev monastiriga eltadi.