Davlat statistika qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar beradi Norma.uz.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

Qonun hujjatlarida yuridik shaxslar statistik hisobotlarni ixtiyoriy ravishda elektron shaklda taqdim etishlari qayd etilgan. Hisobotlarni elektron shaklda topshiruvchi respondentlar ularni  qo‘g‘oz shaklida taqdim etish majburiyatidan ozod qilingani bilan, qog‘oz  hisobotlar elektron hisobotlar bilan teng  yuridik kuchga ega. Elektron shaklda hisobot topshirmaydigan respondentlar uchun amaldagi qog‘ozda topshirish shakli saqlanib qoladi.

Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy sayti orqali respondentlar statistik hisobotlarni tekshirish, tuzatish, qayta ishlash, yuborish va saqlash bo‘yicha maxsus bepul dasturiy ta’minot va elektron namunalar bilan ta’minlanadi. Hisobot shakliga o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda Davlat  statistika qo‘mitasi o‘z saytida ma’lum qilishi lozim.

Respondent elektron hisobotni taqdim etishi uchun o‘z shaxsiy kompyuteriga maxsus dasturni o‘rnatishi va u yordamida hisobotning elektron shaklini o‘rnatishi kerak. Elektron hisobotni jo‘natishda respondent elektron raqamli imzodan (ERI) foydalanishi lozim.

Hisobot yuborilganidan so‘ng,  respondentga jo‘natilgan ma’lumotlar yetib kelganligi va ko‘rib chiqish muddati haqida tarmoq orqali elektron xat keladi. Lekin bu xat hisobotning hali qabul qilinganligini bildirmaydi. Xatda ko‘rsatilgan muddatda hisobotning qayta ishlanish jarayonida muvaffaqiyatli o‘tgani yoki xatoliklar aniqlanlangani haqidagi ma‘lumotnoma keladi.

Agar respondent xatolar va nomuvofiqlikni ko‘rsatmada belgilangan muddat davomida bartaraf qilsa yoki hisobotni yuborgach, uning o‘zi  kamchiliklarni payqab qolsa va berilgan muddatga qadar qayta ishlab yuborsa, statistik hisobotlarni taqdim etish tartibini buzmagan hisoblanadi. Agar u qayta yuborishda  muddatidan o‘tkazib yuborsa, unda mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llaniladi.

Agar respondent texnik sabablarga ko‘ra, elektron xat va ma’lumotnomani  olmagan bo‘lsa, u bu haqda o‘z hududuga qarashli statistika idorasiga ma’lum qilishi lozim. Shundan so‘ng, idora 8 soat davomida respondent bilan hamkorlikda uning sabablarini aniqlaydi.