5-sentabr kuni Vashingtonda har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Amerika biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Coca-Cola hududiy menejeri Oleg Piletski kompaniyaning keyingi yil O‘zbekistonga 50 million dollardan oshiq miqdorda investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar berdi. Bundan maqsad mahsulotning yangi turlari – sharbat va choy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Bu haqda Uzdaily nashri xabar bermoqda.

Coca-Cola Post Strong Earnings

Foto: thetimes.co.uk

Ayni paytda Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, LTD turli o‘ramdagi besh xil ichimliklarni ishlab chiqaradi: Coca-Cola (shu jumladan Coca-Cola Zero), Fanta, Sprite, BonAqua va Fuse Tea Ice Tea.

Eslatib o‘tamiz, avval xabar berganimizdek, Fuse Tea Ice Tea yaxna choylari 2013-sentabrdan boshlab chiqarilmoqda.

Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan, LTD MChJ O‘zbekistonda 1993-yilda ro‘yxatdan o‘tgan. 1996-yilda esa Toshkent viloyatining Qibray tumanida ham ichimlik quyish sexi ochildi. Endi ichimliklar plastik idishlarda chiqarila boshladi.

1997-yilda Farg‘ona vodiysini ichimlik bilan ta’minlash maqsadida Namanganda yana bir zavod ishga tushdi.

To‘rtinchi zavod esa 1997-yilning iyun oyida Urganch shahrida ochildi.

1998-yilning avgust oyida Toshkentning Bektemir tumanida avvalgi Qibray va Beshyog‘och zavodlari o‘rnida yangi zamonaviy zavod ishi yo‘lga qo‘yildi.