M.K. ismli Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani fuqarosi kompyuter savodxonligi bo‘yicha “Computer Buzness Study” deb nomlangan o‘quv kursi idorasini ochadi. Bu haqda Podrobno.uz xabar bermoqda.

Foto: olegras.com

Foto: olegras.com

Oz fursatda unga qiziqish paydo bo‘lib, nafaqat o‘smirlar, balki kattalar, hatto nafaqaxo‘rlar ham kela boshlaydi. Lekin ularning hech birini bu yerda birorta kompyuter yo‘qligi bezovta qilmaydi.

Asosoysi, o‘qitish muddatining qisqa — bir oy ekanligi va to‘lovining qimmat emasligi ularga ma’qul keladi. Bo‘m-bo‘sh, bir nechta stollardangina iborat xonada 10 ga yaqin “o‘quvchilar” jamlanadi.

M.K. esa texnika uskunlarini sotib olishga mablag‘ni aynan kursga yozilganlardan yig‘ishga qaror qiladi. Har biridan 56 ming so‘m pulni qurtdek sanab oladi.

Mablag‘ni jamg‘arib olgach, kompyuter sotib olgani poytaxtga ketadi. Yangiyo‘l aholisiga esa M.K. tovlamachilik qilib ketganini tushunish uchun bir bir oy kerak bo‘ldi. Shundan so‘ng, militsiyaga ariza yozildi. Soxta “tadbirkor” tezda topildi. Tabiiyki, odamlardan yig‘ilgan mablag‘ sarflab bo‘lingan edi. Sud jarayonida uning o‘zi aytishicha, pullarni “shaxsiy xarajatlari uchun ishlatib yuborgan”. Bir so‘z bilan aytganda, yeb-ichgan.

Ayblanuvchi olgan mablag‘ini qaytarish sharti bilan ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.