“Yaks” savdo belgisi ostida kir yuvish kukunlari sotuvga chiqarilishi haqida avval xabar bergan edik. Endilikda ushbu kukunlar nafaqat yurtimiz, balki Rossiya internet-servislarida ham faol reklama qilinishni boshladi. Biroq, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarning birida foydalanuvchilar “Yaks” reklamasida xato borligini dalil – reklamadan olingan skrinshot bilan ko‘rsatdi.

tolka

Unda rus tilidagi “Мы думаем толька о Вас” (“Faqat siz haqingizda o‘ylaymiz”) matni imloviy xato bilan yozilib, “только” so‘zi “толька” shaklida noto‘g‘ri ifodalangan. Shuncha shov-shuv keltirib chiqarib, ko‘pchilikda haqiqiy qiziqish uyg‘ota olgan “Yaks” savdo belgisi reklamasida xatoga yo‘l qo‘yilishi internet foydalanuvchilari taajjubiga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha oy davomida O‘zbekistonda “Yaks” brendi ostida noma’lum mahsulot reklama qilindi. Reklamada mahsulot nomidan boshqa ma’lumot berilmagani sababli, ko‘pchilik qiziqish bilan uning ma’lum bo‘lishini kutdi.

“Yaks” savdo belgisi shu vaqtga qadar qanday mahsulot yoki xizmat turi ekanligi  haqida turli taxminlar “bolalagan” edi. Ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi foydalanuvchilari “Yaks” bu – sharbat degan bo‘lsa, boshqalari 2012-yil o‘z faoliyatini to‘xtatgan “MTS-O‘zbekiston” o‘rnini egallovchi yangi aloqa operatori deya taxmin qildi.

Uning kir yuvish kukuni ekani ma’lum bo‘lgach, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bunga turlicha munosabat bildirdi. Ularning ba’zilari shuncha kutilgan narsaning “atigi” kir yuvish kukuni bo‘lib chiqqanidan hafsalasi pir bo‘ldi. Boshqalar esa hali mahsulot chiqmasidan avval xaridorlarga ega bo‘la olgani uchun “Yaks” marketologlari mahoratiga qoyil qolganini bildirdi. 3 oy ichida hammaning og‘ziga tusha olgani, marketingi kuchli ekanligi uchun maqtovlarga sazovor bo‘ldi.