BAA poytaxtida joylashgan Etihad Towers majmuasining Avenue galeriyasida taniqli o‘zbek rassomi va haykaltaroshi Azamat Hotamovning shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Dubaydagi eng mashhur galereyalardan biri — Alif Art Gallery tadbir tashkilotchisi sifatida qatnashdi.  Bu haqda “Podrobno” nashri xabar beradi.

Azamat Hotamov

Azamat Hotamov

Hamyurtimiz yaratgan betakror san’at asarlari ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar, jumladan, davlat va jamoat arboblari, OAV vakillari orasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Etihad Towers majmuasi. Foto: visitabudhabi.ae

Etihad Towers majmuasi. Foto: visitabudhabi.ae

Ochilish marosimida ishtirok etgan Iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha Abu-Dabi kengashining a’zosi, Rotana majmuasining mehmonxona guruhi prezidenti Naser al-Novais o‘zbek tasviriy san‘ati ustasining mahorati va uslubini alohida ta’kidlab o‘tdi. “O‘zbekiston ko‘hna tarix va madaniyatga ega davlat sanaladi. Ishonchim komilki, bu kabi ijodiy aksiyalarning tashkil etilishi ikki xalqni yaqinlashtirib, o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, – deya Naser al-Novais qayd etib o‘tdi.

BAA rasmiy shaxslari va san’at arboblari mamlakat aholisini O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy-ma’naviy merosi hamda zamonaviy san’ati bilan tanishtirishda davom etishlarini bildirdi.