Toshkent shahar xo‘jalik sudi “Bilayn-O‘zbekiston”ning monopoliyaga qarshi organ qaroriga nisbatan shikoyatini qanoatlantirmadi. Bu haqda “Kun” nashri “RIA Novosti” axborot agentligiga asoslanib xabar bermoqda.

beeline_02062013

Foto © Gazeta.uz

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi “Bilayn-O‘zbekiston” Ucell bilan kelishgan holda narx siyosatini olib borganlikda ayblagan edi. Sud o‘tgan hafta Ucell’ning ham bu boradagi shikoyatini qanoatlantirmagan.

Eslatib o‘tamiz, may oyida O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi ikki mobil aloqa operatorini kelishgan holda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgani uchun umumiy hisobda 30 million so‘m miqdorida jarimaga tortgan edi. Kompaniya vakillari sud qaroriga norozi bo‘lib, uning ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat qilishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya vakillariga ko‘ra, O‘zbekistonning raqobatga oid qonunchiligida “uyg‘unlik”, “bir vaqtda” degan tushunchalar ochib berilmagan. Shu bois 90-yillardan beri barcha kompaniyalarni ushbu modda bo‘yicha ayblash mumkin. Mobil aloqa operatorlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘tgan yil oxirida telekommunikatsiya jihozlari uchun 30 foizlik boj imtiyozi bekor qilinishi oqibatida kompaniyalar xarajatlari ortib, natijada ular ko‘rsatayotgan xizmat haqi oshgan.