18-sentabr kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida 30 yoshli qiz ish vaqti tugagandan so‘ng “Matiz” rusumidagi avtomobilga o‘tirgan va shu bo‘yi uyiga qaytib kelmagan. Bu haqda “Uz24” nashri xabar beradi.

Foto: segodnya.uz

Foto: segodnya.uz

Xususiy tashkilotning xodimasi bo‘lgan bu qiz o‘z hamkasbi bilan kechki soat 5 atrofida ishni tark etgan. Yo‘l chetida kira mashina to‘xtatib, uyiga ketgan. Mashina oq rangli “Matiz” rusumida bo‘lgan. Qiz ertalabgacha uyiga kelmagach, uning yaqinlari militsiyaga ariza bilan murojaat etdi.

Voqea guvohlaridan biri — qizning hamkasbi ularni odatda ishxonaning xizmat mashinasi uyigacha eltib qo‘yishini aytdi. “Ammo, kecha uyga barvaqtroq borish uchun taksida ketishga qaror qildik”, — deya qayd etdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda yo‘qolgan qizni topish bo‘yicha qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda.