O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 20-sentabr kuni “Mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarini rag‘batlantirishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Bu haqda Gazeta.uz xabar bermoqda.

Computer_program-page-graphics-700x275

Foto: durhamcollege.ca

Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestrini Software.uz Internet-portalida joylashtirilgan dasturiy mahsulotlar va ishlab chiquvchilarning milliy katalogi negizida tuzish to‘g‘risidagi taklifi tasdiqlandi.

O‘z dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqish, tatbiq etish va sotishdan olingan daromadlari ular sotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar Milliy reyestrga ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi. Milliy reyester mamlakatimizning dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari to‘g‘risidagi axborotning yagona elektron bankini yaratish, milliy dasturiy mahsulotlarning ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bozorining holati va salohiyati to‘g‘risida axborot olishga imkon beradi.

Dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining milliy reyestrini shakllantirish, yuritish va yanada rivojlantirish vazifalari O‘zbekiston Respublikasi aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklanadi.

Milliy reyestrga kiritilgan dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiquvchilar 2017-yilning 1-yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l fondiga, byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan; O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan uskunalar, butlovchi qismlar, detallar, uzellar, texnologiya hujjatlari, dasturiy ta’minot vositalariga boj to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinadi.

Soliq imtiyozlari berilishi munosabati bilan bo‘shaydigan mablag‘lar Milliy reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar – dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilarining xodimlarini rag‘batlantirish, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlashga yo‘naltiriladi. Agar ularning o‘zlari ishlab chiqargan dasturiy ta’minot vositalarini eksport qilish hajmi ular sotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) umumiy hajmining kamida 50 foizini tashkil etgan taqdirda, imtiyozlar yana 2 yilga uzaytiriladi.

Milliy reyestrga kiritilgan yuridik shaxslar – dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilari dasturiy ta’minot vositalarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar hamda xizmatlarni Internet tarmog‘ining on-layn do‘konlari orqali eksport shartnomasi mavjud bo‘lmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqiga egadirlar.