2013-yil 1-oktabrdan boshlab telekommunikatsiyaning universal xizmatlari uchun yangi tariflar amalga kiritiladi. Bu haqda “Uztelecom” saytida e’lon qilindi.

telefon_03042012

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan yangi tariflarga ko‘ra, shaharda uy telefonidan foydalanish uchun oylik abonent to‘lovi vaqtbay to‘lov tizimi bo‘yicha 1 ming 540 so‘mdan 1 700 so‘mga (qishloq joylarda 650 so‘mdan 715 so‘mga), abonent to‘lov tizimi bo‘yicha 2 035 so‘mdan 2 239 so‘mga (qishloq joylarda 963 so‘mdan 1 060 so‘mga) qimmatlashadi.

Bir oyda belgilangan 180 daqiqa limitdan ortiqcha amalga oshirilgan so‘zlashuv uchun, abonent to‘lovidan tashqari, har bir to‘liq yoki noto‘liq daqiqa uchun to‘lanadigan vaqtbay to‘lov miqdori 7 so‘m etib belgilandi. Mahalliy telefon tarmog‘ining vaqtbay to‘lov tizimida mahalliy so‘zlashuvlar uchun soat 22:00 – 07:00 oralig‘ida 0,10 foiz miqdoridagi kamaytirish koeffitsiyenti miqdori avvalgidek saqlanib qoladi.

01 (101), 04 (104), 050 (1050) raqamli maxsus xizmatlar bilan so‘zlashuvlar uchun vaqtbay to‘lov xizmati olinmaydi.

Aholi va tashkilotlarga telefon tarmog‘iga yangi telefonni ulash uchun ro‘yxatga olish tariflari ham o‘zgarmaydi. Ushbu xizmatlar haqi Toshkent, Nukus va viloyat markazlaridagi aholi uchun 20 ming 7 so‘m, boshqa aholi punktlari uchun esa 5 ming 2 so‘mdir.

Mamlakat ichida telegramma jo‘natish tariflari 1-oktabrdan oddiy telegrammada bir so‘z narxi uchun 31 so‘m va tashkilotlar uchun 75 so‘m, shoshilinch telegrammada har bir so‘z aholi va tashkilotlar uchun 153 so‘m etib belgilandi. Barcha turdagi telegrammalar uchun telegraf yig‘imlari 123 so‘mdan 153 so‘mgacha oshiriladi. Shaharlararo va xalqaro qo‘ng‘iroqlar hamda xorijga telegramma jo‘natish xizmatlari narxi o‘zgarmagan.