Toshkentda 18—20-sentabr kunlari “Sport kino va televideniyeda” VIII xalqaro saralash festivali o‘tkazilishi haqida avval xabar bergan edik.

000641df-642

Foto: rte.ie

“Podrobno” nashri yozishicha, festivalning yopilish marosimi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida bo‘lib o‘tdi va unda bu yilning eng yaxshi sport haqidagi filmlari e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, rejissorlar Anvar Avazxo‘jayev hamda Lyudmila Garmashning uch karra olimpiada o‘yinlari chempioni Artur Taymazov haqida hikoya qiluvchi “Kurash – mening jonu dilim” filmi festivalning “Olimpiada o‘yinlari – olimpiada ruhi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.

Shuningdek, bir qator boshqa nominatsiyalar bo‘yicha “O‘zbekkino” Millliy agentligining Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi taqdim etgan “O‘zbek futboli”, “Kurash” nomli hujjatli filmlar, “Sport” Milliy teleradiokompaniyasining “Orzular ushaladi” videolavhasi, “Forum-TV” yo‘ldosh telekanalining “Biz xilma-xilmiz, lekin, bizni aykido birlashtiradi” nomli telefilmi, O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti talabasi Dilshod G‘oziyevning “O‘zbekiston iftixori” hujjatli filmi va boshqalar yutuqqa ega bo‘ldi.

Germaniya, Gruziya, Belorussiya, Fransiya hamda Eron kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan badiiy, animatsion filmlar ham g‘olib va taqdirlanganlar qatoridan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizda o‘tgan mazkur xalqaro saralash festivaliga 100 ga yaqin badiiy, hujjatli, televizion hamda animatsion filmlar, reportaj, ocherk, ijtimoiy roliklar taqdim etilgan edi. Go‘lib deb topilgan ijodiy ishlar shu yilning dekabr oyida Milan shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI Butunjahon “Sport movies & TV” festivalida namoyish etiladi.