Bakuda joylashgan “Sadaf” restoranida O‘zbek taomlari haftaligi o‘tkazildi. Tadbir doirasida Ozarbayjon poytaxti aholisi va mehmonlar milliy taomlarimizning mazasidan tatib ko‘rish imkoniga ega bo‘lishdi. Bu haqda “Podrobno” agentligi xabar beradi.

Foto: asiatravel-discoveries.com

Foto: asiatravel-discoveries.com

“O‘zbek taomlarining taqdimoti muvaffaqiyatli o‘tdi. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, tashrif buyurgan mehmonlarda bu tashabbus katta qiziqish uyg‘otdi. Bu esa o‘zbek xalqi madaniyati hamda milliy oshxonasining jahonda katta mashhurlikka erishayotganiga yana bir isbot bo‘la oladi”,– deya ta’kidladi  “Sadaf” restoranining bosh ma’muri Faud Saidov.

Ozarbayjon madaniyat va sayyohlik vazirligining madaniy siyosat bo‘limi maslahatchisi Rashad Aliyev o‘zbek taomlari rang-barangligi bilan kishini o‘ziga jalb etishini, ulardan bir marta ta’tib ko‘rgan kishi yana shu taomni yegisi kelishini e’tirof etdi.

Foto: turan.info

Foto: turan.info

FK-Diplomat kompaniyasi direktor o‘rinbosari Elvin Mammadov esa o‘zbek taomlari ko‘pasrlik tarixga ega bo‘lib, betakror ta’m va ko‘rinish bilan Sharqda eng yorqin va rang-barang sanalishini aytib o‘tdi.

O‘zbek taomlari forumida O‘zbekiston oshpazlar uyushmasining a’zosi, pazandalik ishining mahoratli ustasi Kamoljon Tog‘ayev ham ishtirok etdi. Tadbir doirasida mehmonlar o‘zbek oshpazidan milliy taomlarni tayyorlash bo‘yicha kerakli maslahatlar oldi.