Toshkentda shu yilning 23—28-sentabr kunlari InfoCom 2013 AKT haftaligi o‘tkaziladi.

801

Foto: ictnews.uz

Bugun – 23-sentabr kuni Toshkentdagi Aloqa tarixi muzeyida InfoCom 2013 AKT haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda OAV xodimlariga Haftalik davomida o‘tkaziladigan tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, anjumanda “Axborot texnologiyalari – yoshlarga!” aksiyasi doirasida Jizzax axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejiga kompyuter sinfini topshirish bo‘yicha marosim videolavhasi ham ko‘rsatildi.

Haftalik doirasida 23-sentabr kuni UZ Milliy domeni internet-festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi, 24-sentabr kuni AKT bo‘yicha sammit va “MIT.UZ” Milliy internet tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi; 25—27-sentabr kunlari ICTExpo 2013 milliy axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

AKT haftaligining oxirgi kuni esa yosh dasturchilar o‘rtasida tashkil etilgan “BestSoftChallenge” tanlovi hamda WCG 2013 kompyuter o‘yinlari bo‘yicha jahon chempionatining saralash bosqichi g‘oliblari taqdirlanadi.

Eslatib o‘tamiz, “Daryo” nashri UZ Milliy domeni internet-festivalida “Festival yangiligi” maxsus nominatsiyasi bo‘yicha ishtirok etmoqda.

Aziz mushtariylar, barchangizni ushbu haftalikda ishtirok etishga chorlab qolamiz.