O‘zbekistonlik Kseniya Nebogina Chexiyadagi Xalqaro badiiy ko‘rgazmada g‘olib bo‘ldi. Bu haqda “UzDaily” nashri xabar beradi. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziluvchi mazkur ko‘rgazma 1942-yil Ikkinchi jahon urushi davrida Chexiyaning Liditse qishlog‘ida qurbon bo‘lgan begunoh bolalar xotirasiga tashkil etiladi.

Foto: mzv.cz

Foto: mzv.cz

Dunyoga mashhur bu ko‘rgazmada barcha mamlakatlardan 4 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etadi. Har yili ko‘rgazma mavzusi o‘zgaradi.  Joriy yilda tadbir “Yurtim an’analari va merosi” mavzusiga bag‘ishlandi. Liditsedagi galereya 68 davlatdan 24 593 ta ijodiy ish qabul qildi. Ularning ichida 9 yoshli o‘zbekistonlik Kseniya Andreyevna Neboginaning asari eng yaxshi ijodiy ish deb topildi.

19-sentabr kuni Kseniya Nebogina Chexiya elchixonasiga taklif qilindi. Elchi Ginek Peyxa yosh rassom qizga tantanali ravishda faxriy yorliq, katalog, ramziy sovg‘alar topshirdi. Shuningdek, Kseniyaga kelgusi yildagi ko‘rgazmada ishtirok etish uchun taklifnoma ham berildi. Kelasi yilgi ko‘rgazma mavzusi “Oilaviy dehqonchilik yoki bizning bog‘ va dala” deb nomlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Chexiyada bo‘lib o‘tuvchi ko‘rgazma tashkilotchilari barcha badiiy ishlarni 2014-yil fevral oyi oxirigacha qabul qiladi. Bu tadbirda 16 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar yoki o‘smirlar ishtirok etishi mumkin.