Ermitaj davlat muzeyining Buxoro arxeologik ekspeditsiyasi 2013-yilning yozida nodir xazina topishga muvaffaq bo‘ldi. Topilma Buxoro shahridan 60 kilometrlik masofada vohaning janubi-g‘arbiy chegarasida joylashgan Poykend shahrida kashf qilindi. Bu haqda Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyi matbuot xizmati xabar bermoqda.

dentgi

Foto: olam.uz

Poykend qadimiy shahar bo‘lib, u orqali Buyuk Ipak yo‘lining Sug‘diyonadan Amudaryo kechuv joyigacha borib, u yerdan Xuroson orqali Yaqin Sharqqa ketadigan asosiy yo‘llaridan biri o‘tgan edi.

Olimlarning taxmin qilishicha, tangalar solingan xaltacha VIII asr o‘rtalarida – hududda sug‘dlarning arab hukumatiga qarshi bosh ko‘tarishlari ro‘y berayotgan chog‘larda yashirib qo‘yilgan.

Topilgan xazina ayni paytda qayta tiklash va ilmiy qayta ishlash jarayonini boshdan o‘tkazmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u 4200 ga yaqin ilk o‘rta asrlarga tegishli mis tangalardan iborat. Topilma Poykenddagi uylarning biridan chiqqan. Uy, hajmiga ko‘ra, badavlat oilaga tegishli bo‘lgan.

f19da524bd800a36a9fb767d0e176378

Foto: hermitagemuseum.org

Xazina og‘irligi olti kilogrammni tashkil etadi. Undagi tangalar turlicha bo‘lib, Buxoro Sug‘di, Samarqand, Toshkent, O‘tror (Sirdaryo), Xorazm va Arab Xalifaligining markaziy viloyatlariga tegishlidir. Ular ichida eng qadimiysi Samarqand chekani bo‘lib, u VI-VII asrlarga taalluqli.

Ta’kidlash joiz, Poykend qadimiy shahrida 30 yildan buyon Davlat Ermitaji va O‘zbekiston Respublikasi Arxeologiya instituti birgalikda ekspeditsiya olib bormoqda. Bu vaqt ichida shahar istehkomlari tadqiq qilindi: qal’ada zardo‘shtiylik ibodatxonasi, III—IV asrlarga tegishli kazarma, o‘rta asrlar saroyi, X asrga taalluqli masjid va minora qoldiqlari kashf qilindi. Shuningdek, shahar qismida ko‘chalar, aholi mavzelari, bozor majmuasi o‘rganildi.