International Business Travel (IBT) kompaniyasi 5–8-noyabr kunlari AQShning Las-Vegas shahrida bo‘lib o‘tadigan AAPEX-2013 hamda SEMA Show-2013 ko‘rgazmalarida O‘zbekiston delegatsiyasini ham ishtirok etishini ma’lum qildi. Bu haqda Gazeta.uz xabar beradi.

Foto: gazeta.uz

Foto: gazeta.uz

Amerikaning keng qamrovli tadbiri hisoblangan mazkur ikki ko‘rgazma bir kunda boshlanib, bir-biriga bog‘langan holda tashkil etiladi. AAPEX-2013 xalqaro ko‘rgazmasida avtomobillarni ta’mirlash uchun kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlar, avto-servis markazlari, SEMA Show-2013 ko‘rgazmasida esa avtomobil sanoati uchun maxsus jihozlar namoyish etiladi.

Tadbir doirasida avtomobil sanoati sohasida malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash, yo‘lovchi hamda yuk tashuvchi avtomashinalarni ekspluatatsiya qilish, ularga servis xizmati ko‘rsatish  masalalariga bag‘ishlangan maxsus tadbirlar ham o‘tkaziladi.

Ko‘rgazmalar ekspozitsiyasidan AQShning yirik kompaniyalari bilan bir qatorda avtomobil sanoati rivojlangan mamlakatlar tomonidan taqdim etiladigan eksponatlar ham joy oladi.

AAPEX-2013 hamda SEMA Show-2013 ko‘rgazmalari ishtirokchilari avtomobil bozoridagi yangiliklari va innovatsiyalar haqida o‘zaro ma’lumot almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida o‘zbekistonlik avtomobil sanoati vakillari AQShning diqqatga sazovor joylari, madaniy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Ko‘rgazmalarda ishtirok etishni xohlovchi soha vakillari kerakli ma’lumotlarni International Business Travel (IBT) kompaniyasi saytidan olishi mumkin.