GM Uzbekistan korxonasi tomonidan ishlab chiqariladigan Daewoo Gentra avtomobilining Rossiyadagi narxlari e’lon qilindi. Bu haqda Autocenter.uz sayti xabar beradi.

Daewoo Gentra tashqi ko‘rinishi. Foto © drom.ru

Daewoo Gentra tashqi ko‘rinishi. Foto © drom.ru

Xabarga ko‘ra, Gentra’ning eng oddiy jihozlangan ko‘rinishi 399 000 rubl ($12 350) dan boshlanadi. Ushbu Comfort deb nomlangan ko‘rinish mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Avtomatik quti o‘rnatilgan Gentra esa 449 000 rubl ($13 900) ga sotiladi. Avtomobilning eng boy jihozlangan turi esa 542 000 rubl ($16 780) deb baholandi.

Qayd etish joiz, Ukrainada Daewoo Gentra’ning eng oddiy ko‘rinishi 99 000 grivna ($12 350), yaxshiroq jihozlangani 110 000 grivna ($13 750) ga sotiladi. Avtomobilning eng yaxshi jihozlangan ko‘rinishi esa 130 000 grivna ($16 250) ga baholangan.

Daewoo Gentra interyeri. Foto © km.ru

Daewoo Gentra interyeri. Foto © km.ru

Daewoo Gentra’ning barcha ko‘rinishlari konditsioner bilan jihozlangan bo‘lib, avtomobilning eng qimmat ko‘rinishi esa taxtasimon material bilan qoplangan interyer, magnitolani ruldan turib boshqarish imkoniyati, quyma disklar va tomdagi lyukka ega.

Eslatib o‘tamiz, Daewoo Gentra avtomobilining Rossiyadagi taqdimoti may oyida bo‘lib o‘tgan edi. Avtomobil Chevrolet Lacetti bazasida qurilgan bo‘lib, Gentra faqat old qismi bilan Lacetti’dan ajralib turadi. Avtomobilning O‘zbekistondagi narxlari haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.