GM Uzbekistan O‘zbekiston-AQSh QK 2013-yilning o‘tgan to‘qqiz oyida Rossiyada 43 093 dona avtomobil sotdi. Bu 2012-yilning 9 oylik natijalari (66 485 dona)ga nisbatan 35 foizga kamdir. Bu haqda Uzinform.com nashri ma’lum qiladi.

Foto: uzbek-nation.ru

Foto: uzbek-nation.ru

Sentabr oyida o‘zbek avtomobillari sotuvi 7 foizga qisqardi va 6 508 donani tashkil qildi. O‘tgan yilning shu davrida 7 033 dona avtomashina sotilgandi. Kuzning dastlabki oyi “Matiz” rusumi uchun omadli keldi – uning savdosi 49 foizga o‘sdi. “Nexia” avtmobillariga talab esa 42 foizga kamayib ketdi. Umuman olganda, joriy yil mart oyidan buyon ushbu rusumdagi avtomobillarning savdosida pasayish kuzatilmoqda.

Yevropa biznesi uyushmasi e’lon qilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, savdo hajmi bo‘yicha GM Uzbekistan Rossiyada 11-o‘rinni egallab turibdi. Qo‘shma korxonaning ushbu mamlakat avtomobil bozoridagi ulushi bir yil ichida 2,11 foizga qisqardi.

Ushbu holat Rossiya avtomobillar bozorida savdolarning umumiy qisqarishi fonida ro‘y bermoqda – 2013-yil sentabr oyida mamlakatda yengil va tijorat avtomobillarining sotilishi 5 foizga kamaygan. Bu avvalgi oylarga qaraganda yaxshi ko‘rsatkich bo‘lsa-da, kelgusida savdolarning o‘sishi ehtimoldan yiroq, deb qayd etmoqda mutaxassislar.

Yevropa biznesi uyushmasi taxminiga ko‘ra, 2013-yilda Rossiyada jami 2,79 million dona yo‘lovchi va tijorat avtomobillari sotiladi, bu 2012-yildagi ko‘rsatkich (2,94 million)dan 5,1 foizga kamdir.

Yevropa biznes uyushmasi – Yevropadagi yirik jamoat tashkilotlaridan biri bo‘lib, biznes-jamoatchilik uchun samarali muloqot va hamkorlik sharoitini yaratishga xizmat qiladi.