Lenovo — Xitoyning yirik kompyuter kompaniyasi Tayvanning HTC smartfon ishlab chiqaruvchisini sotib olish niyatida. Ular bir necha oydan buyon muzokaralar olib bormoqda.  Bu haqda AppleDaily Taiwan nashri xabariga tayanib VestiFinance ma’lum qildi.

????????

Har ikkala kompaniya vakillari shu yilning avgustidayoq bu masala yuzasidan uchrashuv o‘tkazgan, biroq aniq bir qarorga kelmagan edi. Nashrning ta’kidlashicha, ushbu kelishuv 2014-yilda amalga oshishi mumkin.

Ta’kidlash joiz, 2013-yilning uchinchi kvartalida HTC daromadi o‘tgan yilgiga nisbatan 33 foizga kamaydi va 47 milliard Tayvan dollarini (1,6 milliard AQSh dollari) tashkil etdi.

IDC kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, HTC’ning smartfonlar dunyo bozoridagi hissasi bir yil ichida 3 foizdan 2,8 foizga tushib ketgan. Ushbu ko‘rsatkichga ko‘ra, kompaniya yetakchi ishlab chiqaruvchilar reytingida to‘qqizinchi o‘rinni egallagan.

2011-yilda o‘z narxining 90 foizini yo‘qotgan HTC kompaniyasining sotilishi haqidagi mish-mishlar bir necha oydan buyon davom etmoqda. Tahlilchilarning fikricha, HTC qachonlardir muvaffaqiyatli bo‘lgan Blackberry va Nokia kompaniyalarining yo‘lidan bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, har ikkala kompaniya ham o‘z aktivlarini sotmoqda: Nokia telefon biznesini Microsoft sotib oladi; Blackberry’ga esa IT-sanoatning yirik vakillari bo‘lmish Google, Intel, Cisco, Samsung kabi kompaniyalar qiziqish bildirmoqda.