2014-yilda Apple kompaniyasi 12 dyuymli MacBook, ko‘p pikselli ekranli iPad plansheti va arzon ko‘rinishdagi iMac stol kompyuterini taqdim etishi mumkin. Bu haqda “RIA Novosti” CNet Asia manbasiga tayanib xabar bermoqda.

apple

Foto © Apple

KGI Securities kompaniyasi tahlilchisi Min-Chi Kuo tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Apple arzon narxdagi 12 dyuymli MacBook’ni portativ kompyuterlarning joriy modellar qatoriga kiritishi mumkin. Kompaniyaning eng arzon noutbuki bo‘lishi kutilayotgan ushbu qurilma Intel Core protsessoriga va 13 dyuymli MacBook Air darajasidagi mahsuldorlikka ega bo‘ladi.

Shuningdek, iMac stol kompyuterining ham qimmat bo‘lmagan versiyasi chiqarilishi kutilmoqda. Aniq narx aytilmayotgan bo‘lsa-da, arzon modelning paydo bo‘lishi natijasida Apple desktoplari savdosi hajmi 10—20 foizga oshishi bashorat qilinmoqda.

Bundan tashqari, iPad planshetlarining oltinchi avlodi 2014-yilda chiqarilib, iPad 5’ga qaraganda 30—40 foizga ko‘p pikselli ekranga ega bo‘ladi.

Yuqoridagi ma’lumotlarning barchasi tahlilchining taxminlari bo‘lsa-da, Min-Chi Kuoning bashoratlari yuqori darajada ishonchlilikka egadir — bundan avval ham u Apple’ning ko‘plab mahsulotlari paydo bo‘lishi haqida to‘g‘ri taxminlar qilgan edi.